13 июня, 2019 г. 19:25

Dori vositalari ta’minotidagi dolzarb vazifalar

Toshkent farmatsevtika institutida aholini sifatli dori vositalari bilan ta’minlashga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda deputatlar, tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari, olimlar va jurnalistlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari U.Vafoyev, Toshkent farmatsevtika instituti rektori A.Yunusxo‘jayev va boshqalar mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar inson manfaatlarini ta’minlash, aholi salomatligini muhofazalash va tibbiyot tizimini takomillashtirishda yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.

Mamlakatimizda farmatsevtika sohasi ham izchil rivojlanmoqda. Yigirmadan ziyod qonun va boshqa huquqiy-me’yoriy hujjatlar ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni tartibga solish va takomillashtirishda muhim huquqiy asos bo‘layotir.

Hozirgi kunda mamlakatimizda yuzdan ziyod dori-darmon ishlab chiqaruvchi korxona faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan 32 nomdagi dori vositalari mamlakatimiz olimlari tomonidan yaratilgan. Ular sifati va samaradorligi jihatidan xorijnikidan qolishmaydi. Tarmoqni texnik va texnologik modernizatsiyalash, xalqaro sifat tizimlarini joriy etish, ilm-fan yutuqlarini amaliyotga tatbiq etishga qaratilayotgan doimiy e’tibor sifatli dori-darmon ishlab chiqarish hajmini oshirishga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, mazkur tizimning huquqiy bazasini yanada takomillashtirish, inson salomatligini mustahkamlashga xizmat qiladigan yangi qonunlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2009 yil 17 sentabrda qabul qilingan “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun bunga misoldir. Ushbu qonunga muvofiq, mamlakatimizda sifatsiz va qalbaki dori vositalarini ishlab chiqarish va sotish qat’iy taqiqlandi. Qonunchiligimizda belgilangan ushbu tamoyillarni buzganlik uchun javobgarlik belgilandi.

Tegishli davlat organlari tomonidan ushbu qonun ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan reydlarda aniqlangan kamchiliklar o‘z vaqtida bartaraf etilayotir. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar hamkorligida soha mutaxassislari o‘rtasida amalga oshirilayotgan huquqiy targ‘ibot ishlari natijasida qonunbuzilish holatlari kamaymoqda.

Anjumanda aholini sifatli dori vositalari bilan ta’minlashning huquqiy asoslari, dori vositalari muomalasining bugungi holati va istiqbollari, farmatsevtika yo‘nalishida kadrlar tayyorlash, bozorlarimizni sifatsiz va qalbaki dorilardan himoyalashga oid chora-tadbirlar, bu sohadagi qonun hujjatlarini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi va muhokama etildi.



Оставить отзыв
Оценка:
              
Текст отзыва

Ваше имя
Ваш комментарий будет опубликован после проверки модератором